2025-yil 23-oktabr kuni Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Qishloq ayollari va barqaror kelajak” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir 15-oktabr — Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlandi. Qishloq ayollarining tengligi va ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish barqaror rivojlanishni ta’minlashning asosiy omillaridan biridir.
Davra suhbatida bir qator tashkilot va muassasalar vakillari qatorida “SHARQ AYOLI” xalqaro ayollar jamoat jamg‘armasi ham ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, ayollar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qazixonova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mukarram Nurmatova, Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Nuridin Kushnazarov, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha FAO mintaqaviy ofisi direktori Dono Abdurazzoqova va boshqalar chiqish qildilar.
Boshqa ishtirokchilar qatori “SHARQ AYOLI” xalqaro ayollar jamoat jamg‘armasi raisi Saodat Tursunboyeva ham so‘zga chiqib, qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi loyihalar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, “Ayol va raqamli iqtisodiyot” loyihasi doirasida ayollar uchun elektron tijorat asoslari, sun’iy intellekt, moliyaviy savodxonlik bo‘yicha bepul o‘quv kurslari tashkil etilayotgani, “Qishloq ayollariga bepul yuridik maslahatlar”, “Fermer ayollarni qo‘llab-quvvatlash” kabi tashabbuslar amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
M.Mirsoatova
https://www.facebook.com/photo/?fbid=1160550526054361&set=a.438812011561553


Отправить комментарий