Сейчас загружается

“SHARQ AYOLI” jamg‘armasi Namanganda o‘tkazilgan Xalqaro ayollar biznes forumida ma’ruza bilan ishtirok etdi

​6-noyabr kuni Namanganda Osiyoning to‘qqizta mamlakati vakillari ishtirokida oflayn va onlayn formatda tadbirkor ayollarning Xalqaro biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

​“SHARQ AYOLI” Xalqaro ayollar jamoat fondi raisi ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi 27 yillik tajribasidan kelib chiqib, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruza qildi:
​1. Ayol va raqamli iqtisodiyot (Digital Woman) — ayollarni elektron tijorat (e-commerce) hamda sun’iy intellekt bilan ishlashga o‘qitish.
​2. Innovatsiyalar, STEM va “yashil” biznesni qo‘llab-quvvatlash — xotin-qizlar tashabbuslarini tijoratlashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish.

​“SHARQ AYOLI” jamg‘armasi quyidagi amaliy qadamlar atrofida sa’y-harakatlarni birlashtirishni taklif etdi:
​1. Ayollar tadbirkorligining Osiyo raqamli xabini (Asian Women Digital Hub) yaratish: ta’lim kurslari bilan almashish, Osiyo mamlakatlari marketpleyslariga chiqish va investorlarni izlash uchun yagona onlayn platformani ishga tushirish.
​2. “Osiyo vektori” mintaqalararo mentorlik dasturini yo‘lga qo‘yish: forumda ishtirok etayotgan mamlakatlarning yetakchi tadbirkor ayollari tomonidan yosh xotin-qizlarning startaplarini otaliqqa olish tizimini joriy etish.
​3. “Yashil” mikromoliyaviy qo‘llab-quvvatlashni rivojlantirish: ayollarning eko-loyihalari va hunarmandchiligi uchun maxsus kafolatlar va mikrokreditlash jamg‘armasini tashkil etishga ko‘maklashish.

​Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Shahlo Ibragimova hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva ishtirok etdilar.

​Shuningdek, forum qatnashchilari orasida Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Xitoy, Quvayt, Pokiston va Turkiyaning tadbirkor ayollar uyushmalari, savdo-sanoat palatalari hamda kompaniyalari rahbarlari ham bor edi. Ular o‘z mamlakatlari tajribasini taqdim etib, ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

​Xurshida Mirsoatova

Отправить комментарий