Сейчас загружается

Afrika somini yetishtirish bo‘yicha oilaviy xo‘jaliklar tarmog‘ini yaratish

2026-yil 7-avgust kuni ATB “Xalq Banki” bosh ofisida O‘zbekistonning qishloq hududlaridagi oilaviy xo‘jaliklarda Afrika somini intensiv yetishtirish bo‘yicha kichik ishlab chiqarish tarmog‘ini yaratishga qaratilgan startap loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv bank raisi o‘rinbosari Gulzoda Rashidova rahbarligida o‘tkazildi.

Startap loyiha tashabbuskorlari — “SHARQ AYOLI” xalqaro ayollar jamg‘armasi hamda AQUAFOOD kompaniyasining “Baliqchilik pitomnigi” hisoblanadi. Loyiha O‘zbekiston Ayollar qo‘mitasi ko‘magida “O‘zbekiston ayollari va yoshlar uchun 360 imkoniyat” dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi — barqaror daromad manbalarini yaratish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda qishloq hududlarida ayollar va yoshlar bandligini ta’minlashdan iborat. Loyiha doirasida respublikaning 30 ta tumani, jumladan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo va boshqa viloyatlarning chegaradosh va qishloq hududlarini қамраб олиш режалаштирилган.

Birinchi bosqichda har bir tumanda 10 ta oilaviy xo‘jalikda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Natijada, loyihada jami 300 ta oila ishtirok etadi va akvakultura sohasida 300 ta barqaror kichik biznes tashkil etiladi. Loyihaning amalga oshirish muddati 12 oydan 24 oygacha etadi.

Loyiha muhim ijtimoiy-iqtisodiy samaraga ega bo‘lib, ishsizlik darajasini kamaytirish, qishloq oilalari daromadlarini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Loyihani amalga oshirish doirasida ishtirokchilarga to‘liq qo‘llab-quvvatlash taqdim etiladi: zarur uskunalar bilan ta’minlash, Afrika somini intensiv yetishtirish texnologiyalariga o‘qitish, chavoq va ozuqa yetkazib berish, shuningdek tayyor mahsulotni sotishda ko‘maklashish. Bundan tashqari, imtiyozli moliyalashtirish olishda yordam ko‘rsatish hamda 50 va 100 mln so‘mlik tayyor biznes-rejalar taqdim etish ko‘zda tutilgan.

Loyiha “Baliqsanoat” AJ va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida amalga oshiriladi.

M.Mirsoatova

https://www.facebook.com/www.silkway.uz/posts/pfbid035nfSG8SEk6AkvR5Mv6orJBJoP2D5cobXtQgsNrV78K4DeEPMRrhSJH4idX2LUv4kl

Отправить комментарий