Zamonaviy dunyoda texnologiyalar — iqtisodiyotni o‘zgartirish va aholining barcha qatlamlari uchun imkoniyatlarni kengaytirishda asosiy rol o‘ynamoqda.
O‘zbekistonning qishloq hududlarida katta insoniy salohiyat mavjud bo‘lib, ayniqsa, qishloqlarda yashovchi ayollar uchun yangi texnologiyalarni joriy etish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Sun’iy intellekt (AI) va E-commersiy (elektron tijorat) kuchli vositalarga aylanib, ushbu ayollarning hayotini o‘zgartirish, ularga ilgari mavjud bo‘lmagan bozorlar, bilimlar va resurslarga kirish imkoniyatini taqdim etmoqda.
Nega bu muhim?
O‘zbekistonning qishloq hududlarida yashovchi ayollar an’anaviy ravishda hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi va tabiiy mahsulotlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ammo zamonaviy savdo kanallari, bozor haqidagi ma’lumotlar va yangi texnologiyalarga kirish imkoniyatining yo‘qligi ularning biznesini rivojlantirish va daromadlarini oshirish imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda. E-commersiy bu to‘siqlarni yengib o‘tishga yordam beradi, AI texnologiyalari esa biznesni boshqarishni yanada samarali va oson qiladi.
SHARQ AYOLI xalqaro ayollar jamoat fondi va O‘zbekiston Menedjerlar Assotsiatsiyasi loyihasi
AI va e-commersiy texnologiyalarini qishloq ayollari uchun muvaffaqiyatli joriy etishning namunasi SHARQ AYOLI jamg‘armasi va O‘zbekiston Menedjerlar Assotsiatsiyasining qo‘shma loyihasi bo‘ldi. Ushbu tashabbus doirasida Buxoro viloyatining beshta qishloq tumanlaridan ayollar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ta’lim oldilar.
Dastur doirasida ishtirokchilar elektron tijorat asoslari bilan tanishib, o‘z onlayn do‘konlarini yaratish va targ‘ib qilish, ijtimoiy tarmoqlar orqali mahsulotlarni sotish va mijozlar bilan ishlashni o‘rgandilar. Ayniqsa, AI texnologiyalaridan foydalanib, talabni tahlil qilish, zaxiralarni boshqarish, marketingni avtomatlashtirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Natijalar va ta’siri:
Loyihaning muhim natijalaridan biri har bir ishtirokchi guruh uchun maxsus Telegram kanallarining yaratilishi bo‘ldi. Bu ularga ta’limni davom ettirish va tajriba almashish imkonini berdi. Ushbu maxsus telegram kanallari ekspertlarga savollar berish, yutuqlar va muammolar bilan o‘rtoqlashish, yangi hamkorlar va mijozlarni topish uchun muhim platformaga aylandi.
Loyihadan so‘ng ko‘plab ishtirokchilar o‘z onlayn do‘konlarini ishga tushirdilar va milliy hunarmandchilik buyumlari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari hamda uy sharoitida tayyorlangan pishiriqlarni nafaqat mahalliy bozorga, balki xalqaro bozorga ham taklif qila boshladilar. AI vositalaridan foydalanish natijasida ayrim ayollar reklama xarajatlarini kamaytirishga erishdilar, boshqalar esa zaxiralarni samarali boshqarish va logistika jarayonlarini optimallashtirishga muvaffaq bo‘ldilar.
Kelajakdagi istiqbollar va rejalar
Loyiha natijalari shuni ko‘rsatdiki, texnologiyalarga kirish va sifatli ta’lim olish qishloq ayollarining iqtisodiy ahvolini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
SHARQ AYOLI XAJF va O‘zbekiston Menedjerlar Assotsiatsiyasining kelgusidagi rejalarida dasturani respublikamizning boshqa hududlarida amalga oshirish, o‘qitish va mentorlik ko‘mag uchun onlayn platformani rivojlantirish hamda blokcheyn va AI asosidagi moliyaviy xizmatlar kabi yangi texnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Sun’iy intellekt va e-commersiy O‘zbekistonning qishloq ayollari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Ular nafaqat daromad topish va biznes yuritishga, balki o‘zlarini global iqtisodiyotning bir qismi sifatida his etishiga yordam beradi. Bunday tashabbuslar hududlarning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shib, mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashga yordam beradi hamda ayollarni ushbu jarayonning faol ishtirokchisiga aylantiradi.
Saodat Tursunbaeva
Отправить комментарий